Geologiya-qidiruv ishlari natijasida mineral xomashyoga boy mamlakatlarning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish koʻrsatkichlari yuqori boʻlgani tarixdan maʼlum.
Oʻzbekiston ham yer osti tabiiy qazilmalariga boy davlat. Uning zaminida sanoat va investitsiyalar oʻsishi uchun asos yaratuvchi oltin, uran, mis, kamyob metallar va boshqa strategik zaxiralar mavjud. Sohaning alohida ahamiyatini inobatga olgan holda 2021-yilda “Oʻzbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilib, uning zimmasiga geologiya- qidiruv ishlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish vazifasi yuklatildi.
Bugun barqaror taraqqiyot, “yashil” energetika va strategik xomashyo turlariga jahon hamjamiyatining qiziqishi ortib borayotgan bir paytda geologiya-qidiruv ishlarining ahamiyati milliy iqtisodiyot doirasidan chiqib, xalqaro drayver sohaga aylanmoqda.
Soʻnggi yillarda yurtimiz har tomonlama oʻsib, rivojlanmoqda. Albatta, bu oʻzgarishlar mamlakatimizdagi odilona siyosat natijasidir. Bugun geologiya sohasi rivojining ham huquqiy asoslari mustahkamlandi. Geologiya korxonalarini ilgʻor xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish orqali ularda samarali boshqaruv tizimini joriy etish, foydali qazilmalarning yangi konlarini ochishga yoʻnaltirilgan ishlar tannarxini pasaytirish, konlarni oʻzlashtirish uchun toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya oqimini koʻpaytirish maqsadida 2021-yilda “Markaziy laboratoriya” va “Geoburtexnika” DUKlari, “Samarqandgeologiya”, “Surxongeologiya”, “Toshkentgeologiya”, “Qizilqumgeologiya” va “Hisorgeologiya” AJlarni qoʻshib yuborish orqali ular negizida “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ tashkil etilgan edi. Natijada Oʻzbekiston hududida geologiya-qidiruv ishlariga xizmat koʻrsatuvchi zamonaviy korporativ boshqaruv tizimiga ega yagona tashkilot paydo boʻldi. Bu transformatsiya jarayoni nafaqat boshqaruvda, balki geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini oshirishda ham tub burilish yasadi. Oʻtgan davr mobaynida korxona sohaga zamonaviy va yuqori samarali uskunalarni, ilgʻor texnika va innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda sohani modernizatsiyalash hisobiga geologiya- qidiruv ishlarini uch barobar oshirdi. Bugungi kunda AJda 4,5 mingdan ziyod malakali mutaxassis faoliyat yuritadi. AJ tarkibida 4 ta markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi va Regional markaziy geologiya tasvirlash ekspeditsiyasi, Markaziy geologiya-geofizika ekspeditsiyasi, shuningdek, 5 ta tahlil laboratoriyasi, 13 ta dala ekspeditsiyasi mavjud boʻlib, ular geologiya-qidiruv ishlarini jadal amalga oshirmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanchi, sanoatning qon tomiri boʻlgan geologiya sohasida yangi davr boshlandi. Sohaga eng ilgʻor texnologiyalar olib kirildi. Natijada yer osti boyliklari zaxirasi va prognozlari karrasiga oʻsdi. Sohaga 3D seysmorazvedka, aerogeofizika, raqamli geologiya joriy etildi.
Geologiya-qidiruv koʻzga koʻrinmas, ammo mashaqqatli mehnat. Geologlarning har bir topilmasi yangi zavod, yangi ish oʻrnidir. Oʻzbekistonda, ayniqsa, sanoat uchun muhim boʻlgan volfram, molibden, magniy, litiy, germaniy, grafit va titan kabi 30 dan ortiq texnologik mineral mavjud. Bu kabi foydali qazilmalarni izlab topish va oʻzlashtirish konchilik, metallurgiya, energetika, kimyo va qurilish sanoatining barqaror ishlashi uchun poydevor boʻladi. Afsuski, ilgari bu salohiyat toʻliq roʻyobga chiqarilmagan, foydali qazilmalarni izlash, texnogen chiqindilarni qayta ishlash va mahsulotga aylantirish borasida yetarlicha investitsiya jalb etilmagan edi. Geologiya sohasi yangi bosqichga olib chiqilishi natijasida bugun yangi konlar ochilib, sanoat tarmoqlari kengaymoqda.
“Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ oʻtgan toʻrt yil mobaynida 13 ming kvadrat kilometrdan ziyod hududda geologiya-qidiruv ishlarini olib bordi. Buning natijasida 20 ga yaqin kon zaxiralari hisoblab chiqildi va davlat zaxiralari komissiyasida tasdiqlandi. Xususan, Avliyo, Koʻrmitin, Aqba, Hayotboshi, Zimbiltov, Vodiy (oltin), Miskon (mis), Oʻrikli, Nilyu (koʻmir), Sarikoʻl, Xoʻjadiq (volfram), Xondiza, Maydonsoy, Lashkerek (polimetall), Qoʻrgʻontosh, Tubegatan (kaliy), Shoʻrop (gips), Vandon (qum-shagʻal) kabi konlar shular jumlasidandir. Bu kabi foydali qazilmalar “yashil” energetika, elektromobil va yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.
Soʻnggi yillarda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yirik loyihalar boʻyicha ishlar koʻpaymoqda. Eng muhim vazifalardan biri zamonaviy texnologiyalar asosida qimmatbaho xomashyoni rudadan ajratib olish, uni tozalash va yuqori sifatli mahsulotga aylantirishdir. Bu borada “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ muhim rol oʻynamoqda. Jamiyat foydali qazilmalarni aniqlash, ularni sanoatga yoʻnaltirish boʻyicha salmoqli loyihalarni amalga oshirmoqda. Geologik izlanishlar oʻrta va uzoq muddatli dasturlar asosida yuritiladi hamda har yili yangilanib boriladi. Bugungi kunda eng faol geologiya-qidiruv ishlari Navoiy, Samarqand, Toshkent va boshqa viloyatlarning togʻ va togʻoldi hududlarida keng koʻlamda davom etmoqda. Foydali qazilmalar zaxiralarini oshirish aksiyadorlik jamiyat oldida turgan asosiy vazifalardan.
Sohaga ilgʻor uskunalar, innovatsion texnologiyalar joriy etildi. Bu esa, oʻz navbatida, ish sifati va surʼatini sezilarli darajada oshirdi. Bugungi kunda “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ chuqurligi 2 kilometrgacha boʻlgan, foydali qazilmalar uchun moʻljallangan koʻp yoʻnalishli burgʻilash uskunalarining eng yirik parkiga ega. AJ “DBC Makina” kompaniyasining jahon standartlariga mos zamonaviy gidravliklashtirilgan “ESD-9”, “S-15 21” va “SONMAK” kompaniyasining “RX-4” markali ellikdan ortiq burgʻilash uskunasini sotib oldi va ish jarayoniga tatbiq qildi. Buning natijasida burgʻilash parki 56 foiz yangilanib, burgʻilash uskunalari 151 taga yetdi, yordamchi maxsus texnika vositalari soni 400 dan oshdi.
Hozir ilgari oʻrganilmagan maydonlar toʻliq qamrab olinmoqda. Yil sayin foydali qazilmalar roʻyxati kengaymoqda, zamonaviy, jumladan, aerogeofizika usuli qoʻllanilmoqda. Bu usul havodan turib, yer qatlamining geofizik xususiyatlarini tez va aniq oʻrganish imkonini beradi. Ilgari konlarni aniqlash uchun oʻn yillar kerak edi, hozir esa bu ish bir necha yil ichida bajarilmoqda.
2025-yilda “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ tomonidan 100 dan ortiq loyiha doirasida geologiya-qidiruv ishlari rejalashtirilgan. Hozir mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturi doirasida oltin, kumush, mis, qoʻrgʻoshin, rux, volfram kabi rudali foydali qazilmalar hamda qurilish materiallari va kimyo sanoatida qoʻllanadigan resurslar boʻyicha ham ishlar bajarilmoqda. Aksiyadorlik jamiyati geologik burgʻilash quduqlarida qoʻllaniladigan yuvuvchi suyuqliklarni tayyorlashda zamonaviy kimyoviy reagentlardan foydalanmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, burgʻilash quvurlari, nasos mexanizmlari, olmosli asboblar uzoq muddat xizmat qilishiga va kern namunalarini sifatli olishga xizmat qilmoqda. Zamonaviy kimyoviy reagentlar ish unumdorligini oshirish bilan birga atrof-muhitga zararli taʼsirni kamaytiradi.
Modernizatsiyalash doirasida raqamli texnologiyalar asosida ish jarayonlarini optimallashtirish, maʼlumotlar bazasini markazlashtirish va xalqaro standartlarga muvofiq geologik axborotlarni tayyorlashga yoʻnaltirilgan ishlar koʻlami kengaydi. 2023-yildan boshlab geologik, geofizik va geokimyoviy maʼlumotlarni yagona elektron koʻrinishga oʻtkazish, ularni markazlashgan bazada saqlash va tezkor foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida Geobank va Geobank Mobile tizimi joriy etildi. Geobankda saqlanayotgan maʼlumotlar JORC va CRIRSCO xalqaro kodekslari talablariga javob beradi. Bu esa xalqaro investorlar uchun hisobotlar tayyorlash, geologik izlanishlarda sifat kafolatini oshirish hamda qidiruv va qazib olish jarayonlarini xalqaro amaliyotga muvofiq tashkil etish imkoniyatini beradi.
Bugun aksiyadorlik jamiyati tomonidan zamonaviy burgʻilash uskunalari orqali olinayotgan kern namunalari 100 foizga yetib, tahlillar aniqligini oshirmoqda. Shuningdek, jamiyat tarkibidagi laboratoriyalarda namunalarni sifatli tahlil qilish va uning tarkibidagi elementlarni aniq koʻrsatib berish uchun 150 dan ziyod zamonaviy jihoz asosida tahlillar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, kimyoviy elementlar soni ham oshib, 70 ga yaqin elementga tahlil jarayonlari oʻtkazilmoqda. Bu esa yer qaʼridagi noyob elementlar va kamyob metallar boʻyicha aniq, sifatli maʼlumotlar olishga xizmat qiladi.
Zamonaviy geologiya-qidiruv ishlarini raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Ishlab chiqarish jarayonlarining har bir bosqichiga raqamlashtirish va avtomatlashtirish joriy etilmoqda. Jamiyat ham ushbu yoʻnalishda ilgʻor tajribalarni oʻz faoliyatiga tatbiq etmoqda. Avvalo, raqamli texnologiyalar ish jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini beryapti. Yaʼni ekspeditsiyalarning burgʻilash ishlari, ishchi kuchidan foydalanish, texnik resurslar sarfi, hatto yoʻqotishlar yoki ortiqcha xarajatlar onlayn tarzda koʻrilmoqda. Bu jarayonlar foto va videolavhalar bilan hujjatlashtirilib, tezkor qaror qabul qilish imkonini yaratmoqda.
Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar xalqaro maydonda ham raqobatbardoshlikni taʼminlaydi. Chunki bugungi kunda tender va yirik xalqaro shartnomalarda ish jarayonlarini raqamli kuzatish, hisobotlarni elektron shaklda taqdim etish, aniq va onlayn maʼlumotlar berish eng muhim talablardan biriga aylandi. Shu tariqa “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ nafaqat texnik modernizatsiya, balki raqamlashtirish jarayonlari orqali ham faoliyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu esa soha samaradorligini oshirish bilan birga inson mehnatini yengillashtirish, xavfsizlikni taʼminlash va geologiya-qidiruv ishlarini xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirishga yoʻl ochmoqda.
Oʻzbekiston geologiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasida 2030-yilgacha qator ustuvor vazifalar belgilangan boʻlib, unda respublika hududini kompleks geologik oʻrganish va mineral resurslar potensialini baholash, yangi mineral xomashyo bazalarini shakllantirish va mavjud konlar zaxiralarini oshirish, kamyob va strategik ahamiyatga ega elementlar (litiy, niobiy, tantal, kobalt, skandiy, reniy va boshqalar) boʻyicha izlanishlarni kengaytirish, aniq va ishonchli prognoz kartalarini tayyorlash orqali istiqbolli maydonlarni belgilab olish, xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari koʻzda tutilgan.
2030-yilga qadar kam oʻrganilgan hududlarda yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish natijasida respublikadagi foydali qazilmalar zaxiralari sezilarli darajada koʻpayishi kutilmoqda.
Xususan, 3000 pogonometrdan ortiq burgʻilash ishlari, 3200 pogonometr yer osti togʻ-kon ishlari, 1670 kub metr togʻ-kon usti ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. Natijada oltin zaxirasi 969 tonna, mis 676 tonna, kumush 510 tonna, qoʻrgʻoshin va rux zaxiralari esa ikki baravarga yaqin oshishi prognoz qilinmoqda.
Bugun “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ xorijiy davlatlarda ham xalqaro tenderlarda ishtirok etib, raqobatbardosh xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Bu esa milliy geologiya sohasini tashqi bozorga olib chiqish va mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishda muhim omil boʻladi.
Aksiyadorlik jamiyati yosh boʻlishiga qaramay, bugungi kunda Oʻzbekiston hududidan tashqarida bir necha xorijiy hamkorlik loyihalarini boshlab yubordi. Jumladan, Afgʻoniston hamda Moʻgʻuliston bilan muzokaralar olib borib, har ikkala tomonga ham manfaatli boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha faoliyat boshlandi. Keyingi rejalar xorijiy hamkorlik loyihalari sonini yanada koʻpaytirish va faoliyat turini kengaytirishdan iborat.
Oʻtgan davrda AJ iqtisodiy faoliyatining barqarorligi va samaradorligini oshirish borasida qator transformatsiya jarayonlari amalga oshirildi. Xususan, 2023-yilda jamiyat tarkibidagi dala ekspeditsiyalari birlashtirilib, negizida markaziy ekspeditsiyalar tashkil etildi. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2024-yil 24-maydagi “Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ unga “Regionalgeologiya” DMni qoʻshib olish orqali qayta tashkil etildi. Bu boradagi islohotlar oʻz natijasini berib, 2024-yil yakunlari boʻyicha oʻrtacha ishlab chiqarish samaradorligi 2021-yildagiga nisbatan 75 foiz, xodimlar soni 26 foiz, oʻrtacha oylik ish haqi 85 foiz oʻsdi.
Aksiyadorlik jamiyati moliyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytirish hamda hamkorlar ishonchini mustahkamlash, tashkilotda islohotlarni yanada jadallashtirish uchun xalqaro koʻrsatkichlarni ham yaxshilab bormoqda. Xususan, 2024-yil yakunlari boʻyicha xalqaro “S&P Global Ratings” agentligi tomonidan “V” — “Barqaror” reyting darajasi berildi. Shuningdek, ISO 9001:2015 — Sifat menejmenti sertifikati va Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi boʻyicha — ISO 37001:2016 xalqaro standartlari olindi.
Geologiya-qidiruv ishlari samaradorligida sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarning oʻrni juda muhim. Bu borada qator universitetlar bilan hamkorlikda tizimli ishlar qilinmoqda. Xususan, geologiya fakultetida tahsil olayotgan talabalar amaliyotni tashkilot tarkibidagi ekspedisiyalarda oʻtamoqda. Bu oʻquv jarayonlarida olingan bilimlarni amaliyotda qoʻllash va oʻz ustida ishlashga imkoniyat yaratadi. Shuningdek, jamiyatda universitetlardan saralab olingan faol yoshlar guruhi tashkil etilgan. Ular oʻqishdan keyin mehnat faoliyatiga jalb etilmoqda. Talabalar ish oʻrganish bilan birga yirik loyihalarga biriktirilgan. Bu, albatta, yoshlar iqtidorini oshirish va kelajakda yetuk kadr sifatida jamiyat rivojiga munosib hissa qoʻshishiga zamin yaratadi.
Bir soʻz bilan aytganda, “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ yurtimiz zaminida mavjud tabiiy boyliklarni oʻzlashtirishni yangi bosqichga olib chiqish va sohadagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash, mineral xomashyo bazasini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda bor imkoniyatini ishga solmoqda.
Shamsiddin ALIMOV,
“Oʻzbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi