1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. OAV biz haqimizda

Geologiya – iqtisodiyotimizning asosiy poydevori

4

Geologiya-qidiruv ishlari natijasida mineral xomashyoga boy mamlakatlarning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish koʻrsatkichlari yuqori boʻlgani tarixdan maʼlum.

Oʻzbekiston ham yer osti tabiiy qazilmalariga boy davlat. Uning zaminida sanoat va investitsiyalar oʻsishi uchun asos yaratuvchi oltin, uran, mis, kamyob metallar va boshqa strategik zaxiralar mavjud. Sohaning alohida ahamiyatini inobatga olgan holda 2021-yilda “Oʻzbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilib, uning zimmasiga geologiya- qidiruv ishlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish vazifasi yuklatildi.

Bugun barqaror taraqqiyot, “yashil” ener­getika va strategik xomashyo turlariga jahon hamjamiyatining qiziqishi ortib borayotgan bir paytda geologiya-qidiruv ishlarining ahamiyati milliy iqtisodiyot doirasidan chi­qib, xalqaro drayver sohaga aylanmoqda.

Soʻnggi yillarda yurtimiz har tomonlama oʻsib, rivojlanmoqda. Albatta, bu oʻzgarish­lar mamlakatimizdagi odilona siyosat nati­jasidir. Bugun geologiya sohasi rivojining ham huquqiy asoslari mustahkamlandi. Geo­logiya korxonalarini ilgʻor xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish orqali ularda samarali boshqaruv tizimini joriy etish, foydali qazilmalarning yangi konlarini ochishga yoʻnaltirilgan ishlar tannarxini pasaytirish, konlarni oʻzlashtirish uchun toʻgʻ­ridan toʻgʻri xorijiy investitsiya oqimini koʻpaytirish maqsadida 2021-yilda “Marka­ziy laboratoriya” va “Geoburtexnika” DUKla­ri, “Samarqandgeologiya”, “Surxongeologiya”, “Toshkentgeologiya”, “Qizilqumgeologiya” va “Hisorgeologiya” AJlarni qoʻshib yuborish orqali ular negizida “Oʻzbek geologiya qidi­ruv” AJ tashkil etilgan edi. Natijada Oʻzbe­kiston hududida geologiya-qidiruv ishlariga xizmat koʻrsatuvchi zamonaviy korporativ boshqaruv tizimiga ega yagona tashkilot paydo boʻldi. Bu transformatsiya jarayoni nafaqat boshqaruvda, balki geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini oshirish­da ham tub burilish yasadi. Oʻtgan davr mo­baynida korxona sohaga zamonaviy va yuqori samarali uskunalarni, ilgʻor texnika va in­novatsion texnologiyalarni joriy etish hamda sohani modernizatsiyalash hisobiga geologiya- qidiruv ishlarini uch barobar oshirdi. Bu­gungi kunda AJda 4,5 mingdan ziyod malakali mutaxassis faoliyat yuritadi. AJ tarkibida 4 ta markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiya­si va Regional markaziy geologiya tasvirlash ekspeditsiyasi, Markaziy geologiya-geofizika ekspeditsiyasi, shuningdek, 5 ta tahlil labora­toriyasi, 13 ta dala ekspeditsiyasi mavjud boʻ­lib, ular geologiya-qidiruv ishlarini jadal amalga oshirmoqda.

Mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanchi, sanoatning qon tomiri boʻlgan geologiya so­hasida yangi davr boshlandi. Sohaga eng il­gʻor texnologiyalar olib kirildi. Natijada yer osti boyliklari zaxirasi va prognozlari karrasiga oʻsdi. Sohaga 3D seysmorazved­ka, aerogeofizika, raqamli geologiya joriy etildi.

Geologiya-qidiruv koʻzga koʻrinmas, ammo mashaqqatli mehnat. Geologlarning har bir topilmasi yangi zavod, yangi ish oʻrnidir. Oʻzbekistonda, ayniqsa, sanoat uchun muhim boʻlgan volfram, molibden, magniy, litiy, germaniy, grafit va titan kabi 30 dan ortiq texnologik mineral mavjud. Bu kabi foyda­li qazilmalarni izlab topish va oʻzlashtirish konchilik, metallurgiya, energetika, kimyo va qurilish sanoatining barqaror ishlashi uchun poydevor boʻladi. Afsuski, ilgari bu salo­hiyat toʻliq roʻyobga chiqarilmagan, foydali qazilmalarni izlash, texnogen chiqindilarni qayta ishlash va mahsulotga aylantirish bo­rasida yetarlicha investitsiya jalb etilmagan edi. Geologiya sohasi yangi bosqichga olib chi­qilishi natijasida bugun yangi konlar ochi­lib, sanoat tarmoqlari kengaymoqda.

“Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ oʻtgan toʻrt yil mobaynida 13 ming kvadrat kilometrdan ziyod hududda geologiya-qidiruv ishlarini olib bordi. Buning natijasida 20 ga yaqin kon zaxiralari hisoblab chiqildi va davlat zaxiralari komissiyasida tasdiqlandi. Xu­susan, Avliyo, Koʻrmitin, Aqba, Hayotboshi, Zimbiltov, Vodiy (oltin), Miskon (mis), Oʻrikli, Nilyu (koʻmir), Sarikoʻl, Xoʻjadiq (volfram), Xondiza, Maydonsoy, Lashke­rek (polimetall), Qoʻrgʻontosh, Tubegatan (kaliy), Shoʻrop (gips), Vandon (qum-shagʻal) kabi konlar shular jumlasidandir. Bu kabi foydali qazilmalar “yashil” energetika, elektromobil va yuqori texnologiyali mah­sulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.

Soʻnggi yillarda yuqori qoʻshilgan qiy­matga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yirik loyihalar boʻyicha ishlar koʻpaymoqda. Eng muhim vazifalardan biri zamonaviy texnologiyalar asosida qimmat­baho xomashyoni rudadan ajratib olish, uni tozalash va yuqori sifatli mahsulotga ay­lantirishdir. Bu borada “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ muhim rol oʻynamoqda. Ja­miyat foydali qazilmalarni aniqlash, ular­ni sanoatga yoʻnaltirish boʻyicha salmoqli loyihalarni amalga oshirmoqda. Geologik izlanishlar oʻrta va uzoq muddatli dastur­lar asosida yuritiladi hamda har yili yan­gilanib boriladi. Bugungi kunda eng faol geologiya-qidiruv ishlari Navoiy, Samar­qand, Toshkent va boshqa viloyatlarning togʻ va togʻoldi hududlarida keng koʻlamda davom etmoqda. Foydali qazilmalar zaxiralarini oshirish aksiyadorlik jamiyat oldida turgan asosiy vazifalardan.

Sohaga ilgʻor uskunalar, innovatsion tex­nologiyalar joriy etildi. Bu esa, oʻz navbati­da, ish sifati va surʼatini sezilarli dara­jada oshirdi. Bugungi kunda “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ chuqurligi 2 kilometrgacha boʻl­gan, foydali qazilmalar uchun moʻljallangan koʻp yoʻnalishli burgʻilash uskunalarining eng yirik parkiga ega. AJ “DBC Makina” kompaniyasining jahon standartlariga mos zamonaviy gidravliklashtirilgan “ESD-9”, “S-15 21” va “SONMAK” kompaniyasining “RX-4” markali ellikdan ortiq burgʻilash uskunasini sotib oldi va ish jarayoniga tatbiq qildi. Buning natijasida burgʻilash parki 56 foiz yangilanib, burgʻilash uskuna­lari 151 taga yetdi, yordamchi maxsus texnika vositalari soni 400 dan oshdi.

Hozir ilgari oʻrganilmagan maydonlar toʻliq qamrab olinmoqda. Yil sayin foy­dali qazilmalar roʻyxati kengaymoqda, za­monaviy, jumladan, aerogeofizika usuli qoʻllanilmoqda. Bu usul havodan turib, yer qatlamining geofizik xususiyatlarini tez va aniq oʻrganish imkonini beradi. Ilgari konlarni aniqlash uchun oʻn yillar kerak edi, hozir esa bu ish bir necha yil ichida ba­jarilmoqda.

2025-yilda “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ tomonidan 100 dan ortiq loyiha doirasida geologiya-qidiruv ishlari rejalashtirilgan. Hozir mineral xomashyo bazasini rivojlan­tirish va qayta tiklash davlat dasturi doi­rasida oltin, kumush, mis, qoʻrgʻoshin, rux, volfram kabi rudali foydali qazilmalar hamda qurilish materiallari va kimyo sa­noatida qoʻllanadigan resurslar boʻyicha ham ishlar bajarilmoqda. Aksiyadorlik jamiyati geologik burgʻilash quduqlarida qoʻllani­ladigan yuvuvchi suyuqliklarni tayyorlashda zamonaviy kimyoviy reagentlardan foydalan­moqda. Bu esa, oʻz navbatida, burgʻilash quvur­lari, nasos mexanizmlari, olmosli asboblar uzoq muddat xizmat qilishiga va kern namu­nalarini sifatli olishga xizmat qilmoqda. Zamonaviy kimyoviy reagentlar ish unumdor­ligini oshirish bilan birga atrof-muhitga zararli taʼsirni kamaytiradi.

Modernizatsiyalash doirasida raqamli tex­nologiyalar asosida ish jarayonlarini opti­mallashtirish, maʼlumotlar bazasini markaz­lashtirish va xalqaro standartlarga muvofiq geologik axborotlarni tayyorlashga yoʻnalti­rilgan ishlar koʻlami kengaydi. 2023-yildan boshlab geologik, geofizik va geokimyoviy maʼlumotlarni yagona elektron koʻrinishga oʻtkazish, ularni markazlashgan bazada saqlash va tezkor foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida Geobank va Geobank Mobile tizi­mi joriy etildi. Geobankda saqlanayotgan maʼlumotlar JORC va CRIRSCO xalqaro ko­dekslari talablariga javob beradi. Bu esa xalqaro investorlar uchun hisobotlar tayyor­lash, geologik izlanishlarda sifat kafola­tini oshirish hamda qidiruv va qazib olish jarayonlarini xalqaro amaliyotga muvofiq tashkil etish imkoniyatini beradi.

Bugun aksiyadorlik jamiyati tomonidan zamonaviy burgʻilash uskunalari orqali oli­nayotgan kern namunalari 100 foizga yetib, tahlillar aniqligini oshirmoqda. Shuning­dek, jamiyat tarkibidagi laboratoriyalarda namunalarni sifatli tahlil qilish va uning tarkibidagi elementlarni aniq koʻrsatib berish uchun 150 dan ziyod zamonaviy jihoz asosida tahlillar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, kimyoviy elementlar soni ham oshib, 70 ga yaqin elementga tahlil jarayon­lari oʻtkazilmoqda. Bu esa yer qaʼridagi noyob elementlar va kamyob metallar boʻyicha aniq, sifatli maʼlumotlar olishga xizmat qiladi.

Zamonaviy geologiya-qidiruv ishlarini raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Ishlab chiqarish jarayonlarining har bir bosqichiga raqamlashtirish va av­tomatlashtirish joriy etilmoqda. Jamiyat ham ushbu yoʻnalishda ilgʻor tajribalarni oʻz faoliyatiga tatbiq etmoqda. Avvalo, raqamli texnologiyalar ish jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini beryapti. Yaʼni ekspeditsiyalarning burgʻilash ishlari, ishchi kuchidan foydalanish, texnik resurs­lar sarfi, hatto yoʻqotishlar yoki ortiqcha xarajatlar onlayn tarzda koʻrilmoqda. Bu jarayonlar foto va videolavhalar bilan huj­jatlashtirilib, tezkor qaror qabul qilish imkonini yaratmoqda.

Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar xalqaro maydonda ham raqobatbardoshlikni taʼminlaydi. Chunki bugungi kunda tender va yirik xalqaro shartnomalarda ish jarayonla­rini raqamli kuzatish, hisobotlarni elektron shaklda taqdim etish, aniq va onlayn maʼlumotlar berish eng muhim talablardan biriga aylandi. Shu tariqa “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ nafaqat texnik modernizatsiya, balki raqamlashtirish jarayonlari orqali ham faoliyatini yangi bosqichga olib chiqmoq­da. Bu esa soha samaradorligini oshirish bi­lan birga inson mehnatini yengillashtirish, xavfsizlikni taʼminlash va geologiya-qidi­ruv ishlarini xalqaro standartlarga mos ra­vishda amalga oshirishga yoʻl ochmoqda.

Oʻzbekiston geologiya sohasini rivojlan­tirish konsepsiyasida 2030-yilgacha qator ustuvor vazifalar belgilangan boʻlib, unda respublika hududini kompleks geologik oʻr­ganish va mineral resurslar potensialini baholash, yangi mineral xomashyo bazalarini shakllantirish va mavjud konlar zaxirala­rini oshirish, kamyob va strategik ahamiyatga ega elementlar (litiy, niobiy, tantal, ko­balt, skandiy, reniy va boshqalar) boʻyicha izlanishlarni kengaytirish, aniq va ishonch­li prognoz kartalarini tayyorlash orqali istiqbolli maydonlarni belgilab olish, xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari koʻzda tutilgan.

2030-yilga qadar kam oʻrganilgan hudud­larda yangi istiqbolli maydonlarni aniq­lash va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish natijasida respublikadagi foydali qazilmalar zaxiralari sezilarli darajada koʻpayishi kutilmoqda.

Xususan, 3000 pogonometrdan ortiq bur­gʻilash ishlari, 3200 pogonometr yer osti togʻ-kon ishlari, 1670 kub metr togʻ-kon usti ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. Na­tijada oltin zaxirasi 969 tonna, mis 676 tonna, kumush 510 tonna, qoʻrgʻoshin va rux zaxiralari esa ikki baravarga yaqin oshishi prognoz qilinmoqda.

Bugun “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ xo­rijiy davlatlarda ham xalqaro tenderlarda ishtirok etib, raqobatbardosh xizmat koʻrsa­tish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Bu esa mil­liy geologiya sohasini tashqi bozorga olib chiqish va mamlakat iqtisodiyotini yuksalti­rishda muhim omil boʻladi.

Aksiyadorlik jamiyati yosh boʻlishiga qa­ramay, bugungi kunda Oʻzbekiston hududidan tashqarida bir necha xorijiy hamkorlik loyi­halarini boshlab yubordi. Jumladan, Afgʻo­niston hamda Moʻgʻuliston bilan muzokaralar olib borib, har ikkala tomonga ham manfaat­li boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha faoliyat bosh­landi. Keyingi rejalar xorijiy hamkorlik loyihalari sonini yanada koʻpaytirish va fao­liyat turini kengaytirishdan iborat.

Oʻtgan davrda AJ iqtisodiy faoliyati­ning barqarorligi va samaradorligini oshi­rish borasida qator transformatsiya jarayon­lari amalga oshirildi. Xususan, 2023-yilda jamiyat tarkibidagi dala ekspeditsiyalari birlashtirilib, negizida markaziy ekspe­ditsiyalar tashkil etildi. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2024-yil 24-maydagi “Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hu­zuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya soha­sini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyati­ni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ unga “Regionalgeologiya” DMni qoʻshib olish orqali qayta tashkil etildi. Bu boradagi islohotlar oʻz natijasini berib, 2024-yil yakunlari boʻyicha oʻrtacha ishlab chiqarish sa­maradorligi 2021-yildagiga nisbatan 75 foiz, xodimlar soni 26 foiz, oʻrtacha oylik ish haqi 85 foiz oʻsdi.

Aksiyadorlik jamiyati moliyaviy imko­niyatlarini yanada kengaytirish hamda ham­korlar ishonchini mustahkamlash, tashki­lotda islohotlarni yanada jadallashtirish uchun xalqaro koʻrsatkichlarni ham yaxshilab bormoqda. Xususan, 2024-yil yakunlari boʻ­yicha xalqaro “S&P Global Ratings” agentligi tomonidan “V” — “Barqaror” reyting dara­jasi berildi. Shuningdek, ISO 9001:2015 — Sifat menejmenti sertifikati va Korrup­siyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi boʻyicha — ISO 37001:2016 xalqaro standart­lari olindi.

Geologiya-qidiruv ishlari samarador­ligida sohada faoliyat yuritayotgan xodim­larning oʻrni juda muhim. Bu borada qator universitetlar bilan hamkorlikda tizim­li ishlar qilinmoqda. Xususan, geologiya fakultetida tahsil olayotgan talabalar amaliyotni tashkilot tarkibidagi ekspedi­siyalarda oʻtamoqda. Bu oʻquv jarayonlarida olingan bilimlarni amaliyotda qoʻllash va oʻz ustida ishlashga imkoniyat yaratadi. Shuningdek, jamiyatda universitetlardan saralab olingan faol yoshlar guruhi tash­kil etilgan. Ular oʻqishdan keyin mehnat faoliyatiga jalb etilmoqda. Talabalar ish oʻrganish bilan birga yirik loyihalarga bi­riktirilgan. Bu, albatta, yoshlar iqtidorini oshirish va kelajakda yetuk kadr sifatida jamiyat rivojiga munosib hissa qoʻshishiga zamin yaratadi.

Bir soʻz bilan aytganda, “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ yurtimiz zaminida mavjud ta­biiy boyliklarni oʻzlashtirishni yangi bos­qichga olib chiqish va sohadagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash, mineral xomashyo bazasini rivojlantirishga qaratilgan islo­hotlarni amalga oshirishda bor imkoniyatini ishga solmoqda.

Shamsiddin ALIMOV,

“Oʻzbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi

Bo‘lishish

Foydali havolalar