1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Kasaba uyushmalarining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv seminr tashkil etildi
2026-yil 16-yanvar  kuni O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya  xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mutaxassislari  “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ binosida “Kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalari” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi geologiya korxona, tashkilot va muassasalarida faoliyat yuritayotgan boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari hamda hisobchilari ishtirok etdi. Seminarning asosiy maqsadi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari faoliyatini kuchaytirish, ularning moliyaviy va ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishdagi ishlarini yana-da samarali tashkil etishdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotining faoliyati bilan tanishtirildi, kasaba uyushmasi mablag‘larini belgilangan maqsadlarga yo‘naltirish, yo‘llanmalar olish tartibi, ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hamda ish haqi fondi hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar bo‘yicha tushunchalar berildi. Shuningdek, ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishda ish beruvchi bilan ijtimoiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish, jamoa shartnomalarini qabul qilish va ularning bajarilishi yuzasidan mehnat jamoalarida muhokama qilish tartibi, 1-TI va 1-JSH statistik hisobot shakllarini to‘ldirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi. Tadbir kasaba uyushmalari faoliyatini yana-da takomillashtirish, tajriba almashish va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.              

44

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan sport maydonida birdamlik
Joriy yilning 14-yanvar kuni Milliy gvardiyaning Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan sportning futbol turi bo‘yicha o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etildi. Mazkur tadbir “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati hamda Qurolli Kuchlar faxriylar kengashi hamkorligida o‘tkazildi. Tadbirda “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ, Qurolli Kuchlar faxriylar kengashi, O‘zbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi hamda O‘FA Faxriylar kengashi rahbarlari ishtirok etib, ushbu sport musobaqasiga alohida fayz bag‘ishladilar. Mazkur o‘rtoqlik uchrashuvi Vatan himoyachilariga bo‘lgan chuqur hurmat va ehtiromni ifoda etish, jamiyatda harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, shuningdek, turli soha vakillari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qildi. Futbol uchrashuvi davomida jamoalar sog‘lom raqobat, o‘zaro hurmat va jamoaviylik tamoyillariga asoslangan holda bellashdilar. Sport tadbiri faxriylarning hayotiy va xizmat tajribasini qadrlash, yosh avlodni Vatanga sadoqat, fidoyilik va mas’uliyat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish orqali ijtimoiy faollik va jamoatchilik birdamligini mustahkamlashga xizmat qildi. Ushbu o‘rtoqlik o‘yini tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash yo‘lida xizmat qilgan harbiylar va mehnat jamoalari o‘rtasidagi uzviy aloqalarni yanada mustahkamlab, mamlakatimizda harbiy-vatanparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etishda muhim ijtimoiy ahamiyatga ega tadbir sifatida e’tirof etildi.

69

Kasbim faxrim
Har bir inson hayot yo‘lida qalbiga yaqin bo‘lgan kasbni tanlab, unga butun vujudi bilan mehr qo‘yadi. Kasbga shunchaki ega bo‘lish emas, balki uning mazmun-mohiyatini chuqur anglab, o‘z sohasida yetuklikka erishishgina insonni chinakam yutuqlarga eltadi. Aynan shunday fidoyilik va sadoqatni hayot mezoniga aylantirgan insonlardan biri — Abduazimova Irina Musayevnadir.  Abduazimova Irina Musayevna 1959-yildan buyon geologiya sohasida samarali mehnat qilib kelmoqda. U hozirgi kunda “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati Regional markaziy geologik tasvirlash ekspeditsiyasining Stratigrafiya partiyasida yetakchi geolog lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. O‘zining 66 yillik sermazmun mehnat faoliyati davomida u geologiya sohasining turli bosqichlarida samarali xizmat qilgan. Mehnat faoliyatini O‘zbekiston Geologiya boshqarmasining paleontologiya partiyasida kollektor sifatida boshlagan Irina Musayevna keyinchalik texnik geolog, otryad boshlig‘i kabi mas’uliyatli lavozimlarda ishladi. Har bir bosqichda u o‘z bilim va tajribasini yanada boyitib, yosh mutaxassislarga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Irina Musayevna o‘zining chuqur bilimlari va ilmiy salohiyati bilan geologiya faniga munosib hissa qo‘shgan mutaxassisdir. U 10 dan ortiq yirik loyiha va hisobotlar ustida ishlagan, 30 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar muallifi, 2 ta monografiya hammuallifi hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston hududidagi mezokaynozoy davri yotqiziqlari bo‘yicha yaratilgan Atlasning yetakchi mualliflaridan biri bo‘lishi uning yuksak ilmiy saviyasidan dalolat beradi. Eng e’tiborlisi, Irina Musayevna bugungi kunda ham ilmiy izlanishlardan to‘xtab qolmagan holda, bir qator loyihalar va hisobotlar ustida faol ish olib bormoqda. Jamoa orasida u o‘zining kamtarligi, mas’uliyatliligi va fidoyiligi bilan katta hurmat qozongan. Shubhasiz, Abduazimova Irina Musayevna kabi o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan insonlar yosh avlod uchun ibrat maktabidir. Uning sermazmun hayot yo‘li va samarali mehnati “Kasbim -faxrim” degan yuksak tushunchaning yorqin ifodasidir.

105

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish – barqaror rivojlanish omili
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-aprelda qabul qilingan “Yoqilgʻi-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va behuda sarflanishining oldini olish hamda energiya samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-133-son qarori ijrosini sifatli va oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJda tizimli ishlar olib borilmoqda. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash doirasida aksiyadorlik jamiyati Energetika bo‘limi tashabbusi bilan energiya samaradorligiga erishish usullari mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi. Seminar energiya resurslaridan oqilona foydalanish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlandi. Tadbir davomida ishtirokchilarga elektr va yoqilg‘i-energiya resurslarini tejashning zamonaviy usullari, bino va inshootlarda energiya auditini o‘tkazishning ahamiyati, audit jarayonida aniqlanadigan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish orqali erishiladigan iqtisodiy va texnik samaradorlik bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, energiya auditining asosiy maqsadi – energiya yo‘qotishlarini aniqlash, iste’molni optimallashtirish va xarajatlarni qisqartirishdan iborat ekani alohida ta’kidlandi. Seminarda energiya samaradorligini oshirish orqali ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarining oldini olish muhim vazifa ekanligi qayd etildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar oldilar. Mazkur seminar Jamiyatda energiya tejamkorlik madaniyatini shakllantirish, xodimlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

77

Foydali havolalar