1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. Press-konferensiyalar

2024 yilda “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ tarkibidagi Markaziy laboratoriya tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida

452

Assalomu alaykum!

2024 yilda “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ tarkibidagi Markaziy laboratoriya tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida maʼlumot.

2024 yilda “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi korxonalari uchun bir qator tahliliy tadqiqotlar o‘tkazdi. Jumladan,

- o‘lchovlarning bir xilligi tizimini yaratish, yaʼni turli laboratoriyalarda bitta namunani tahlil qilish natijalari normativ hujjatlarga muvofiq ruhsat etilgan og‘ishlar chegarasiga to‘g‘ri kelishi uchun sharoit yaratish kabi usullarni hamda o‘lchash usullarini, tog‘ jinslari va rudalar tarkibining standart namunalarini, tahliliy tadqiqotlarni amalga oshirilishini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi.

Ushbu yo‘nalishda 2024-yilda 11 ta o‘lchashni bajarish usuli qayta attestatsiyadan o‘tkazildi. Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi korxonalar buyurtmalari asosida umumiy og‘irligi qariyb 1,5 tonna bo‘lgan tog‘ jinslari va ruda ishlab chiqaruvchilarning
9 turdagi standart namunalari ishlab chiqildi. Uchta meʼyoriy-huquqiy hujjat qayta ko‘rib chiqildi va yangi tahrirda tuzildi.

2024-yilda soha ishlab chiqarish korxonalari va tashqi tashkilotlar uchun Markaziy laboratoriyaning ixtisoslashtirilgan laboratoriyalari tomonidan quyida keltirilgan hajmdagi tahliliy tadqiqot ishlari amalga oshirildi:

- mineralogik tadqiqotlar - 1200 ta namuna;

- oltinni sintillyatsiya usulida aniqlash - 63000 ta namuna;

- oltin va kumush uchun asillik sinovlari - 43 000 ta namuna;

- oltinni “zolotometriya” usulida o‘lchash - 40 000 ta namuna;

- 120 000 ta ga yaqin namuna spektral usulda tahlil qilindi;

- 20 000 ta ga yaqin namuna kimyoviy tahlil qilindi;

- 43 000 ta namuna mass-spektral tahlili o‘tkazildi.

Laboratoriya o‘tgan davr mobaynida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi korxonalari buyurtmalari uchun tog‘ jinslari va rudalar ishlab chiqaruvchi standart namunalarini ishlab chiqardi. Natijada 2024 yil 26 dekabr sanasida O‘z DSt ISO 17034:2021 xalqaro standarti bo‘yicha standart namunalar ishlab chiqarish huquqi uchun O‘ZAK.SN.0001 akkreditatsiya guvohnomasi oldi. Markaziy laboratoriya “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati vakili sifatida O‘zbekistonda bunday huquqqa ega bo‘lgan birinchi va yagona tashkilot hisoblanadi.

Aniqlanish chegarasi 0,005 g/t bo‘lgan oltinni aniqlashning zamonaviy usuli, yaʼni atom yutilishi usuli bilan tugatiladigan asillik usuli Respublikamiz hududidagi geologik obyektlari sharoitiga moslashtirildi va Markaziy laboratoriyada ishlab chiqarish amaliyotiga joriy etildi. 2025-yildan boshlab asillik tahlilining asosiy qismi atom yutilishi bilan tugatiladi.

Markaziy laboratoriya inspeksiya nazorati va qiyosiy tajribalar o‘tkazish orqali tarmoq laboratoriyalarining holatini nazorat qiladi. 2024-yilda 4 bosqichda laboratoriya malakaviy sinovlari va 7 ta inspeksiya tekshiruvi o‘tkazildi.

“O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” davlat muassasasi Markaziy laboratoriyaning mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini atroflicha o‘rganib, 2024-yil 31-yanvarda Markaziy laboratoriyaga provayder sifatida tarmoq laboratoriyalari malakasini solishtirma tajriba yordamida tekshirish bo‘yicha ishlarni “Muvofiqlikni baholash” xalqaro standarti bo‘yicha amalga oshirish huquqini berdi.

Shuningdek, ISO 17025:2019 bo‘yicha guvohnoma olish uchun hujjatlar “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DMga topshirilib, ayni vaqtda ISO 17043:2024 bo‘yicha esa guvohnoma olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni ketmoqda.

2024-yil 5-dekabr kuni “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ Markaziy laboratoriyasida suv obyektlarini tahlil qilish muammolariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda sohaning suv tahlilini o‘tkazuvchi barcha laboratoriyalari: Markaziy laboratoriya, Analitik laboratoriya majmuasi, “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati, Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti, Mineral resurslar instituti, Navoiy kon metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati, Olmaliq kon metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati, Toshkent markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi laboratoriyasi, “Navoiyuran” davlat korxonasi va boshqalar ishtirok etdi.

Seminar ishtirokchilari tomonidan sohadagi gidrokimyo laboratoriyalaridagi muammolar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi va manfaatdor tashkilotlarga yuborildi.

Laboratoriyalar malakasini tekshirishning eng samarali usullaridan biri laboratoriyalararo qiyosiy sinovlar hisoblanadi. Markaziy laboratoriya MDH davlatlarida o‘tkaziladigan qiyosiy sinovlarda faol ishtirok etadi. 

Ayniqsa, oxirgi vaqtlarda Markaziy laboratoriya Rossiya federatsiyasining “Minstandart” MCHJ ning

PFO-5-2024 “Rudalar va ularni qayta ishlash mahsulotlari”;

GSO-3-2024 “Tarkibida oltin va kumush bor rudalar”;

PFO-3-2024 “Rudalar va ularni qayta ishlash mahsulotlari” dasturlari bo‘yicha uchta qiyosiy sinovlarda ishtirok etdi.

Uchta holatda ham Markaziy laboratoriya o‘zining yuqori malakasini ko‘rsatdi va reytingda faxrli 2 o‘rinni egalladi.

Aytish kerakki, 2024-yil qiyosiy sinovlar natijalariga ko‘ra Markaziy laboratoriya tahlillar sifati bo‘yicha MDH ning 149 laboratoriyasi orasida 2-o‘rin egalladi.

O‘tgan davr mobaynida laboratoriya faoliyati bo‘yicha bir qator jo‘rnallarda maqolalar chop etildi.

Bo‘lishish

Foydali havolalar