1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. Rahbariyatning chiqish va bayonotlari

Geologiya: raqamlashtirish va rivojlanish istiqbollari

19
Geologiya sohasi mamlakat iqtisodiyotining uzviy tarkibiy qismi sifatida nafaqat yer qaʼri boyliklarini izlash, balki ularni sanoatga tayyor holda yetkazib berishda ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bugungi kunda geologiya-qidiruv ishlari – O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy rivojlanishi, energetik va sanoat xavfsizligi hamda yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam poydevor hisoblanadi.
 

Yer qaʼridagi foydali qazil­malar – oltin, kumush, mis, qo‘rg‘oshin, rux, volfram, litiy, xrom, nikel, kobalt, kamyob yer elementlari va bosh­qalarning zaxiralarini aniq­lash, baholash va sanoatda qazib olishga tayyorlash geologiya sohasi­ning asosiy vazifasidir.
Shu jihatdan, 2021 yilda tashkil etilgan «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ mamlakatimizdagi eng yirik geologiya-qidiruv kompaniyasi sifatida qator yo‘nalishlarda faoliyat olib bormoqda.
Mamlakatimizda geologiya-qidi­ruv ishlari to‘rt bosqichda – regional tadqiqot, izlash, baholash va qi­diruv bosqichlarida amalga oshiriladi. Bu bosqichlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, har bir qa­dam yer qaʼrining geologik tuzilishini chuqur o‘rganish va istiqbol­li konlarni aniqlashda muhim aha­miyatga ega.
Hozirgi kunda respublika hudu­dining katta qismida, ayniqsa, paleozoy davri yotqiziqlari joylash­gan hududlarda keng ko‘lamli qa­zilma konlari izlanmoqda. Ayni vaqtda oltin va mis yo‘nalishidagi tadqi­qotlar davlat byudjeti hamda yirik sanoat korxonalari – «Navoiy KMK» va «Olmaliq KMK» bilan hamkor­likda amalga oshirilmoqda.

Innovatsiyalar va raqamlashtirish

So‘nggi yillarda sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish jarayonlari jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda. Xususan, geologiya-qidiruv ishlari bilan bog‘liq birlamchi geologik maʼlumotlar Geobank va Geobank Mobile dasturlari orqali to‘planadi va markazlashgan elektron maʼlumotlar bazasi asosida boshqariladi.
Bunday yondashuv maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash, ularga tezkor kirish imkoniyatini yaratish, shuningdek, xalqaro standartlar – JORC va CRIRSCO kodekslari talab­lariga javob beradigan hisobot­larni tayyorlash imkonini berdi.
Qidiruv ishlarida aerogeofizik texnologiyalar, kosmogeologik tas­virlash, 3D modellashtirish va geostatistik tahlillar qo‘llanilishi natijasida katta hududlarni qisqa vaqt ichida samarali o‘rganish mumkin bo‘lmoqda.
Yangi qidiruv strategiyasining eng muhim jihati – axborotni ra­qamlashtirish va elektron xaritalar bazasini yaratishdir. Buning uchun 1 : 200 000, 1 : 100 000 va 1 : 50 000 miq­yosli yangi xaritalar tayyorlanmoqda. «Yagona raqamlashtirilgan kartografik maʼlumotlar banki» tashkil etilgan.
Bu jarayon geologik maʼlumotlarni saqlash, yangilash va tahlil qilish imkoniyatlarini keskin oshirib, konlarni bashorat qilishda samaradorlikni bir necha barobarga ko‘paytirmoqda. Yirik miqyosdagi geologik tadqiqotlar nafaqat maʼ­lum konlarni chuqur o‘rganish, balki hududning geologik tuzilishini o‘rganishga ham yordam beradi. Bu esa foydali qazilmalarning hosil bo‘lish qonuniyatlarini anglash, istiq­bolli maydonlarni kompleks baho­lash, yangi maʼdanli zonalar va tomirlarni kashf qilish, kon resurslarini bashorat qilish imkonini yaratadi.
Yaqin yillar ichida O‘zbekiston geologiyasi nafaqat yangi kashfiyot­larga, balki global standartlarga mos innovatsion qidiruv texnologiyalariga suyangan holda rivojlanishi kutilmoqda. Bu esa mamlakatning mineral-xomashyo bazasini kengaytirish, strategik resurslar zaxirasini mustahkamlash va iqtisodiy taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratishda hal qiluvchi aha­miyatga ega bo‘ladi.

Istiqbolli hududlar

O‘zbekiston – tabiiy boyliklarga boy yurt. Asrlar davomida bu zamindan oltin, mis, gaz va boshqa qa­tor foydali qazilmalar kashf etil­gan, mamlakat sanoati va iqtiso­diyoti uchun asosiy resursga aylangan. Bugun esa geologiya sohasi yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ oldida yangi vazifalar, yangi texnologiyalar va katta istiqbolli hududlar turibdi.
So‘nggi yillarda yer yuzasiga chi­qib turgan ko‘plab qazilma konlari allaqachon o‘rganilgan va ishlab chi­qarishga jalb qilingan. Shu bois endilikda geologik qidiruv ishlarining asosiy eʼtibori yer ostidagi yopiq qismlar va chuqur gorizont­larni o‘rganishga qaratilmoqda. Integratsiyalashgan tadqiqotlar – geofizik, geokimyoviy, kosmogeologik usullar keng qo‘llanilmoqda. Strategik ahamiyatga ega resurslar – oltin, rangli va noyob metallar va noruda qazil­malar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Bu yo‘nalishlar nafaqat iqtisodiy, balki strategik mustaqillik nuqtai nazaridan ham muhim.
O‘zbekistonning bir qancha hudud­lari bo‘lajak kashfiyotlar uchun katta salohiyatga ega. Masalan, Qoraqal­pog‘iston va Ustyurt platosi – uglevodorodlar uchun, Qizilqum regioni – oltin va uran konlari bo‘yicha istiqbolli, Farg‘ona vodiysi – neft va gaz resurslari bilan mu­him ahamiyatga ega, Toshkent va Jizzax viloyati tog‘ hududlari – oltin, rangli va nodir metallar izlanish­lari uchun, Surxondaryo va Qashqa­daryo viloyati cho‘l hududlari – uglevodorod va yer osti suvlari nuqtai nazaridan muhimdir.

Muammo va vazifalar

Sohada yechimini kutayotgan qator masalalar ham mavjud. Masalan, yer qaʼrining yopiq uchastkalari va chu­qur gorizontlari yetarlicha o‘rganilmagan, shuning uchun qo‘shimcha izlanishlarga ehtiyoj katta. Zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni qidiruv ishlariga keng jalb etish talab etil­moqda.
Geologiya-qidiruv sohasi bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, u nafaqat resurslar bazasini kengaytiradi, balki mamlakatning umumiy investitsiya iqlimini shakllantirishda ham hal qiluvchi omil hi­soblanadi. Maʼlumotlarning ochiq­ligi, xalqaro standartlar asosida ish yuritish va ilmiy-texnik imkoniyatlarni rivojlantirish sohaning jozibadorligini yana-da oshiradi. Shuningdek, kadrlar va texnologiyalar masalasini kompleks hal qilish orqali O‘zbekiston yaqin yillarda nafaqat mintaqada, balki jahon miq­yosida ham geologiya sohasida yetak­chi davlatlardan biriga aylanishi mumkin.

Namunalar harakati

«O‘zbek geologiya qidiruv» AJda namunalar harakatini nazorat qi­lish bo‘yicha mustaqil dastur ham joriy etilgan. Ushbu axborot tizimi laboratoriya tahliliga yuborilgan geologik namunalarni ro‘yxatga olish, ularning harakatini kuzatish, joriy joylashuvini aniqlash, maydalash sexlari va laboratoriyalar kesimida avtomatik hisobotlar shakllantirish hamda natijalarni elektron shaklda taqdim etish imkoniyatini beradi. Bu yechim ishlab chiqarish jarayonining shaffofligini oshiradi, namunalar yo‘qolishi yoki kechikishini bartaraf etadi va jarayon ustidan to‘liq monitoring o‘rnatadi.
Bazadagi barcha geologik maʼlumotlar kodlashtirilgan bo‘lib, ular Datamine, Micromine va Leapfrog kabi zamonaviy geologik dasturlarga bevosita yuboriladi. Natijada blok-modellashtirish, 3D geologik modellashtirish, geostatistik tah­lil va minerallashgan zonalarni aniqlash kabi jarayonlar tez va aniq amalga oshiriladi.
Raqamli geologiya boshqarma­si mutaxassislari tomonidan GEOBANK tizimidan olingan maʼlumotlar geologik axborot tizimlari yordamida maʼdan tanalarining morfologik tuzilishi va yer qaʼri­dagi joylashuvi 3D vizual ko‘rinishda qayta ishlanadi.
Geologik axborot tizimlari yordamida maʼdan tanalarining blokli modellari tuzilib, ularning zaxiralari O‘zbekiston Respublikasi Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘­yicha davlat komissiyasining ta­lablari va qidiruv natijalari, mineral resurslar va maʼdan zaxiralari haqidagi xalqaro hisobot JORC kodeksining standartlariga mu­vofiq ishlab chiqiladi.
Zaxiralar JORC kodeksi asosida hisoblanadi, hamda dastlabki tex­nik-iqtisodiy asoslash (PFS) hiso­boti ishlab chiqiladi.

Elmurod ERGASHEV,

Boshqaruv raisi o‘rinbosari, bosh geolog

 

Bo‘lishish

Foydali havolalar