"O‘ZBEK GEOLOGIYA QIDIRUV" AJ
  1. Главная
  2. Пресс-центр
  3. Новости

Новости

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori Buyuk davlat arbobi va sarkarda, Ikkinchi Uyg‘onish davri – Temuriylar Renessansi bunyodkori Amir Temur milliy davlatchiligimiz va jahon tarixida beqiyos o‘rin tutadi. Mustabid tuzum tomonidan nohaq qoralab  kelingan bu ulug‘ zotning muborak nomi va xotirasi mustaqillik yillarida tarixiy adolat asosida qayta tiklandi. Sohibqiron Amir Temur siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga aylanib, o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasida xalqimizga ulkan ma’naviy kuch bag‘ishlab kelmoqda. Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari o‘rnatilgani, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Xalqaro Amir Temur jamoat fondining faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, “Amir Temur” ordeni ta’sis qilingani, yurtimizdagi ko‘plab ko‘cha va xiyobonlarga ulug‘ ajdodimiz nomi berilganini alohida qayd etish lozim. Mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichi — Uchinchi Renessansga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Sohibqiron Amir Temurning shaxsiyati, buyuk ajdodimizning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rni hamda temuriylarning boy va betakror merosini chuqur o‘rganish, yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish maqsadida qaror qilaman: I. Maqsad 1. Mazkur qarorning asosiy maqsadi buyuk ajdodimiz asos solgan Ikkinchi Uyg‘onish davrining milliy va umuminsoniy mohiyati, yosh avlodni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan o‘rni va ta’sirini inobatga olib, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashkiliy-amaliy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish hisoblanadi. II. Tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar 2.  Fanlar akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Xalqaro Amir Temur jamoat fondining quyidagi takliflari ma’qullansin: (a) joriy yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash; (b) har yili aprel oyini “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilish va uning doirasida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, harbiy qismlar va harbiy ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirish. 3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi temuriylar davri tarixini tizimli o‘rganish va ilmiy natijalarni keng targ‘ib etish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin: (a) joriy yil 9-10-aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish; (b) Amir Temur va temuriylar davri tarixi bilan bog‘liq turkum kitoblar, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlarni tayyorlash va chop etish, shu jumladan: (i) “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matnini fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish; (ii) “Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi”, “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” kitob-albomlarini yaratish; (v) temuriylar davriga oid, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asl yozma manbalar nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish; (g)  “Tirik tarix” loyihasi asosida suratga olingan, Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik va elchilik aloqalari yoritib berilgan tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni Ispaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda namoyish etish; (d) Temuriylar davri manbalari elektron platformasini yaratish. 4. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi  Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-martdan boshlab Amir Temur va temuriylarning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib qilish maqsadida “Buyuk temuriylar” atamasining xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy qilinishini ta’minlash uchun xorijiy davlatlarda “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida taqdimotlar, media tadbir va anjumanlar o‘tkazsin. 5. Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 6. Tashkiliy qo‘mita (A. Aripov): (a) Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni (keyingi o‘rinlarda – tadbirlar) o‘tkazish bo‘yicha mas’ul davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borsin, tashkiliy masalalarni tezkorlik bilan hal etsin; (b) tadbirlar bo‘lib o‘tadigan hududlarni obodonlashtirish ishlarini, texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlanishini ta’minlasin; (v) Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan pochta markalari va konvertlar, taqvimlar va ko‘rgazmali axborot vositalari turkumini yaratish, esdalik, kumush va oltin yubiley tangalarini muomalaga chiqarishni ta’minlasin; (g) tadbirlarda qatnashuvchi chet ellik mehmonlarning O‘zbekistonga kelib-ketishi, ularga viza rasmiylashtirilishi, transport va tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalarini muvofiqlashtirsin; (d) tadbirlar bo‘lib o‘tadigan hududlarda obyektlar va mehmonxona fondining tayyorligini ta’minlasin. 7. Toshkent shahri hokimligi 2026-yil yakuniga qadar Toshkent shahar mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan dunyodagi mashhur muzeylarning eng ilg‘or tajribalarini qo‘llagan holda, Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosini rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyasini yaratish ishlarini amalga oshirsin. III. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat 8. Tashqi ishlar vazirligi Fanlar akademiyasining buyurtmasiga asosan tadbirlarda ishtirok etuvchi chet ellik ishtirokchilar uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizalarining konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan, zarur hollarda, I. Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin. 9. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy media birlashmasiga tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin. 10. Ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan budjet mablag‘lari, ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin. 11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev

68

Koʻmir va uran tarmoqlarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda navbatdagi loyihalar koʻrib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni koʻmir va uran sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda yaqin istiqbolga moʻljallangan rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Koʻmir ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, sohada raqobat muhitini kuchaytirish va mavjud zaxiralardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, 2025-2026-yillar kuz-qish mavsumida 10 million tonna koʻmir qazib olish rejalashtirilgan boʻlib, bu oʻtgan mavsumga nisbatan 1,3 million tonnaga koʻpdir. Hozirgacha 9 million tonna koʻmir qazib olindi, oʻsish 590 ming tonnani tashkil etdi. Keyingi mavsumda ishlab chiqarish hajmini 11 million tonnaga yetkazish zarurligi qayd etildi. Buning uchun Toshkent va Janubiy hududlarda joylashgan konlarni oʻzlashtirishni jadallashtirish, selektiv qazib olishni kengaytirish, autsorsing asosida qoʻshimcha ekskavator va texnikalar jalb qilish muhim ekani taʼkidlandi. Xususiy tadbirkorlar ishtirokini kengaytirish orqali 2026-yilda qoʻshimcha 2,5 million tonna koʻmir qazib chiqarish rejalashtirilgan. Angrendagi Nishbosh koʻmir konini oʻzlashtirish loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. Zaxiralarining hajmi 233 million tonna va qiymati qariyb 500 million dollarga baholanayotgan ushbu investitsiya loyihasi doirasida 2026-yilda qazib olish ishlarini boshlash hamda 1 million tonna koʻmir qazib chiqarish, kelgusida yillik quvvatni 10 million tonnaga yetkazish koʻzda tutilgan. Loyiha doirasida 880 ta doimiy ish oʻrni yaratiladi. Taqdimotda koʻmirni chuqur qayta ishlash asosida yangi turdagi sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan loyiha ham koʻrib chiqildi. “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan koʻmirni kimyoviy qayta ishlash orqali polimer mahsulotlar olishni tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 5 milliard dollar boʻlib, uning natijasida yiliga 8-9 million tonna koʻmirni qayta ishlash va 1,18 million tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi. Oʻtgan yili mamlakatimizda 7 ming tonna uran ishlab chiqarilib, aniqlangan zaxiralar esa 139 ming tonnaga yetdi. Joriy yilda Arnasoy, Gʻarbiy Qizilqoq, Janubiy Jongeldi, Sharqiy Agʻron konlarini oʻzlashtirishni boshlash rejalashtirilgan. Xomashyo qazib olish hajmining koʻpayishi munosabati bilan uni qayta ishlash quvvatlarini ham oshirish zarurligi qayd etildi. Uranni qayta ishlash quvvatlarini sulfat kislotasi hamda uni ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan texnik oltingugurt bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari belgilab olindi. Prezidentimiz koʻmir va uran sanoatida rejalashtirilgan loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, iqtisodiy samaradorlikni kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

79

Geologiya-qidiruv ishlari samarador, xavfsizlik ta’minlangan bo‘lishi zarur
“O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyatining Samarqand markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasida jamiyat tizimida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ ijro apparati va tarkibiy bo‘linma rahbarlari, muhandislar,  mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘limi xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda asosida e’tibor bajarilgan ishlar natijalari tahlili, mavjud muammolarni aniqlash hamda kelgusida geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish, respublika mineral-xom ashyo bazasini yanada rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalarni belgilab olishga qaratildi.   Tadbir davomida keyingi yillarda sohada olib borilayotgan islohotlar samarasi, geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etishdagi dolzarb masalalar hamda jamiyat oldidagi muhim vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Geologiya-qidiruv jarayonlarida ishlab chiqarish faoliyatini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va axborot tizimlarini joriy etish orqali ish samaradorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Joriy yilda mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etgan holda xodimlar uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noxush va baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan reja va tadbirlar ko‘rib chiqildi.   Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida uchrayotgan kamchiliklar, ularning kelib chiqish sabablari tahlil qilindi. Bu boradagi nuqsonlarni bartaraf etish va kelgusida ularning oldini olish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga topshiriqlar berildi. Yig‘ilish yakunida sohani yanada rivojlantirish, ish samaradorligini oshirish va belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli bajarish maqsadida mas’ul xodimlarning taklif va fikr-mulohazalari tinglanib, aniq chora-tadbirlar va vazifalar belgilab olindi. G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari

70

Samarqandda geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 30-yanvar kuni “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyatining Samarqand markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi anjumanlar zalida jamiyat tizimida 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishning asosiy maqsadi bajarilgan ishlar natijalarini tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash hamda kelgusida geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish, respublika mineral-xom ashyo bazasini yanada rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalarni belgilab olishdan iborat bo‘ldi. Yig‘ilishda “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ Ijro apparatining mas’ul xodimlari, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari, muhandislar hamda Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘limi xodimlari ishtirok etdi. Tadbir davomida sohada olib borilayotgan islohotlar, geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etishdagi dolzarb masalalar hamda jamiyat oldida turgan muhim vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, ishlab chiqarish jarayonlarida uchrayotgan kamchiliklar, ularning kelib chiqish sabablari tahlil qilinib, mazkur kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida ularning oldini olish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga kerakli topshiriqlar berildi. Shuningdek, uchrashuv davomida 2026-yilda Mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etgan holda xodimlar uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush hodisalar va baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan reja va tadbirlar muhokama qilindi. Bundan tashqari, geologiya-qidiruv jarayonlarida ishlab chiqarish faoliyatini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va axborot tizimlarini joriy etish orqali ish samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yig‘ilish yakunida sohani yanada rivojlantirish, ish samaradorligini oshirish va belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli bajarish maqsadida mas’ul xodimlarning taklif va fikr-mulohazalari tinglanib, aniq chora-tadbirlar va vazifalar belgilab olindi.

78

Полезные ссылки